O'qituvchi maqomini imtiyozlar bilan oshiramiz
Prezidentimiz o'z nutqlarida ko'p marotaba o'qituvchilar maqomini oshirishning moliyaviy yechimi sifatida o'qituvchilarning oylik maoshlarini 1000$ qilib belgilash takliflari bilan chiqdilar. Har bir taklifning alternativi bo'lishi zamonamizning talabi ekanligini hisobga olgan holatda men o'qituvchi maoshini hozirgi holatida ham uning maqomini oshirishning boshqa uslubini qo'llash lozim deb hisoblayman. G'oyam shundan iboratki har bir o'qituvchi oylik maoshidan to'laydigan daromad solig'idan ozod qilinishi lozim, nomidagi mulki yoki yeriga qo'yilgan soliq 50% gacha qisqartirilishi, o'qituvchi to'laydigan komunal to'lovlar ham 50% gacha qisqartirilishi kutilgan natijani bergan bo'lar edi.
Har bir kuch qarama-qarshi kuchning paydo bo'lishiga sababchi bo'ladi bu tabiat qonuni. Biz yashayotgan jamiyat bozor iqtisodiyotiga asoslangan. Davlat erkin bozor sharoitida bozorlardagi narxlar ustidan to'liq nazorat olib bormaydi. Fikrimcha bunday vaziyatda o'qituvchilar oylik maoshlari 1000$ qilib belgilanda jamiyatimizning boshqa toifa vakillari bozor narxlarining keskin ko'tarilishidan aziyat chekishlari va o'qituvchi maqomini ko'tarish chora tadbirlari yetarlicha natija bermasligi ehtimoli vujudga keladi. To'g'ri ta'limga yo'naltirilgan investitsiya albatta o'zini oqlaydi. Ammo biz pedagoglar shu jamiyatning azolari sifatida uning barcha azolari haqida ham qayg'urishimiz lozim.
Mening fikrimcha bu g'oyani amalga oshirish uchun Ta'lim vazirligi vazirlar mahkamasiga yuqorida ko'rsatilgan tartiblar va imtiyozlar asosida "O'qituvchi maqomi to'g'risi"da qonun loyihasini taqdim etishi va bu taklifni ochiq muhokamaga qo'yishi lozim. Davlatimiz budjetining pandemiyadan keyingi holatini hisobga olgan holatda fikrimcha Moliya vazirligi va qator mutasaddi tashkilotlar bu taklifni notijorat sohalarga yo'naltirilayotgan mablag'larni oshirmasdan turib, bu sohani rivojlantirish taklifini qabul qilishlari mumkin deb hisoblayman.
Izohlar (0)